BMTTD O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining bepul yuridik yordam ko‘rsatishga ixtisoslashgan aʼzolari va advokatlar vazifasini bajaruvchi shaxslar uchun ikki kunlik trening o‘tkazdi.
Odil sudlovga erishish: barcha uchun gender nuqtai nazaridan yuridik yordamni joriy etish
28-November, 2023
Treningda “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun bilan vakolatlangan bepul yuridik yordam ko‘rsatuvchi tashkilotlar xodimlari va O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining bepul yuridik yordam ko‘rsatishga ixtisoslashgan aʼzolari ishtirok etdilar. Ushbu tashabbus Finlyandiya hukumati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan BMTTDning “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
2023-yilda O‘zbekistonda, “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan bo‘lib, u odil sudlov va qonun ustuvorligiga erishishda katta axamiyatga ega. Xususan, “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun, genderga asoslangan holda kamsitish holatlarida, shuningdek, fuqarolik va jinoiy ishlarda aholining kam taʼminlangan shaxslariga bepul yuridik yordam bilan taʼminlanishini ham nazarda tutadi. Ayollar kamsitish va zo‘ravonlikka ko‘proq duch kelishini hisobga olib, ushbu qonunning amalga oshirilishi bepul yuridik yordam ko‘rsatuvchi tashkilotlardan xotin-qizlar huquqlarini samarali himoya qilish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishini taqozo etadi. Ushbu ikki kunlik trening bepul yuridik yordam ko‘rsatuvchi shaxslarni odil sudlov standartlari va qonunchilik meʼyorlari asosida hisobdorlik va tezkorlik tamoyillari bilan yuridik yordamni taʼminlash bo‘yicha tayyorgarligini oshirdi. Trening xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikka qarshi kurashishda huquqiy yordam muhimligiga urg‘u berdi. Trening dasturi gender nuqtai nazaridan yuridik yordam ko‘rsatish, milliy qonunchilikdagi gender istiqbollari, adliya tizimidagi gender stereotiplari hamda gender zo‘ravonlik qurbonlariga yuridik yordam ko‘rsatish masalarini o‘z ichiga oldi.
“Gender nuqtai nazaridan yuridik yordamni joriy etish bo‘yicha trening bizga gender zo‘ravonligi va uning turlarini interaktiv tarzda o‘rganish imkoniyatini berdi. Xususan, gender zo‘ravonligiga oid qonunlar va ularning amalda qo‘llanilishi bilan bog‘lik masalalar bilan tanishdik»,
- taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi Sirdaryo viloyati huquqshunosi Elvira Pak.
Birinchi kunlik trening mashg‘ulotlari oilaviy nizo va gender zo‘ravonlik o‘rtasidagi farqlar, zo‘ravon va jabrlanuvchining psixologik xususiyatlari, shuningdek, zo‘ravonlik qurbonlariga huquqiy yordam ko‘rsatishga bag‘ishlandi. So‘ngra ishtirokchilar tomonidan oiladagi zo‘ravonlik, uydan chiqarib yuborish, jinsiy, iqtisodiy, jismoniy zo‘ravonlik holatlari alohida guruhlarda huquqiy tahlil qilinib, ularni hal etish yollari bilan tanishtirildi. Natijada, ushbu trening odil sudlov, qonunchilik meʼyorlarini taʼminlash, eng yaxshi amaliyot tajribalari, hisobdorlik hamda tezkorlik tamoyillariga tayangan holda sifatli yuridik xizmatlar ko‘rsatishni har tomonlama yoritishga yordam berdi. Yuqoridagilarga muvofiq, ushbu trening gender tenglikni, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, undagi muammolar va huquqiy oqibatlar bilan bog‘liq turli masalalarni tahlil etishni o‘z ichiga oldi. U ishtirokchilarni dolzarb bo‘lgan masalalarni chuqur mulohazadan o‘tkazish, baholash va yana-da samarali qonunchilik bazasini yaratish bo‘yicha innovatsion yechimlarni ishlab chiqishga undadi.
Ushbu o‘quv dasturining o‘tkazilishi BMTTDning O‘zbekistonda gender tengligini taʼminlash va adolatli va inklyuziv jamiyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borayotgan saʼy-harakatlarida muhim bosqich bo‘ldi. Yuridik xizmat ko‘rsatuvchi shaxslarni imkoniyatlarini kengaytirish va ayollar huquqlari muhimligini taʼkidlab, BMTTD O‘zbekiston hukumati bilan O‘zbekistondagi har bir ayol o‘z huquqlaridan foydalanishi va odil sudlovga erishishi mumkin bo‘lgan jamiyat sari harakat qilmoqda.