Qadr-qimmat va odil sudlovnni ta’minlash: O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish uchun preventiv tashriflarni kuchaytirish
27-December, 2023
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasiga muvofiq, ozodlikdan mahrum qilish va yopiq muassasalarda qiynoqlar va inson huquqlari buzilishining oldini olishning milliy preventiv mexanizmining huquqiy asoslarini yanada rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Ushbu maqsadga erishish uchun 25-26-dekabr kunlari Toshkent shahrida “Ozodlikdan mahrum qilish yoki cheklash joylarida Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm (MPM) doirasida monitoring tashriflarini rejalashtirish va o‘tkazish metodologiyasi” mavzusida trening bo‘lib o‘tdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) tomonidan tashkil etilgan trening Ombudsman xodimlari, uning mintaqaviy vakillari hamda MPMga jalb qilingan nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) vakillarining salohiyati va bilimini oshirishga qaratilgan.
Davlat tomonidan milliy preventiv mexanizmni mustahkamlashda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga alohida o‘rin berilgan. Birgina 2022-yilning o‘zida Ombudsman va jamoatchilik guruhlari tomonidan ozodlikdan mahrum qilish joylariga 381 ta monitoring tashrif o‘tkazildi, ularga 6000 dan ortiq shaxslar jalb etildi. Ushbu sa’y-harakatlar Ombudsmanni Inson huquqlari bo‘yicha Milliy institutlar global alyansi (GANHRI) tomonidan “B” statusida akkreditatsiyadan o‘tishiga olib keldi.
Inson huquqlari bo‘yicha Milliy institutlar global alyansi (GANHRI) tomonidan akkreditatsiyadan oldin Ombudsman salohiyatini baholash o‘tkazilgan edi, uning natijasida Ombudsman salohiyatini yanada mustahkamlash va faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar to‘plami ishlab chiqilgan, shuningdek, “GANHRI”dagi maqomni “B” dan “A”ga oshirish ko‘zda tutilgan. Xususan, 11-(b) Tavsiyada milliy preventiv mexanizmlar bo‘yicha alohida metodologiyani ishlab chiqish zarurligi ta’kidlangan. Ushbu tavsiyalarga javoban BMTTD Ombudsmanni bu borada qo‘llab-quvvatlash tashabbusini ilgari surdi. Ushbu qo‘llab-quvvatlash monitoring metodologiyasini takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish va hamkorlikdagi sa’y-harakatlar natijasida ishlab chiqilgan materiallar asosida trening mashg‘ulotlari o‘tkazishni o‘z ichiga oldi.
"Fuqarolik jamiyati vakili sifatida – men uchun, ushbu treningda keltirilgan nazariyaning yaqin kelajakda O‘zbekiston Respublikasining mahalliy sharoitlarida samarali tatbiq etilishi juda muhim. O‘zbekistonda bir necha yillardan buyon amalda bo‘lib kelayotgan milliy preventiv mexanizm (MPM) to‘g‘risidagi munozaralar quvonarli, chunki qiynoqlarga oid ayrim muammolar hali to'liq bartaraf etilmagan. Huquqshunos sifatida men uchun fuqarolik jamiyati bunday masalalarni hal qilish uchun zarur tajribaga ega bo‘lishi muhim … ”
– Shuhrat G‘aniyev, Inson huquqlari bo‘yicha huquqiy markaz direktori.
Trening sessiyasi taklif etilgan vakillarga MPMning roli, vakolati va preventiv tashriflarni o‘tkazishdagi strategik yondashuvi haqida kengroq tushunchalarni taqdim eta oldi. Treningda tashrifga tayyorgarlik ko‘rish va amalga oshirishning amaliy jihatlari, jumladan, ma’lumotlarni to‘plash, maqsadlarni aniqlash, standartlarga muvofiqlik va logistikani rejalashtirish masalalariga e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar tashriflarni o‘tkazishda ma’muriyat bilan muloqot qilish, mahbuslar va xodimlar bilan suhbatlar o‘tkazish va shikoyatlarni ko‘rib chiqish kabi asosiy bosqichlarni bilib oldilar. Professional va hurmatga asoslangan yondashuvni ta’minlash maqsadida tashriflar chog‘ida axloqiy me’yorlar va o‘zini to‘g‘ri tutish masalalari kun tartibidagi asosiy masalalardan biri bo‘ldi.
Trening mashg‘uloti ishtirokchilarni MPM doirasida maburiyatlarni samarali amalga oshirish uchun zarur ko‘nikma va bilimlar bilan ta’minlashga qaratilgan. Trening yakunida ishtirokchilar MPM metodologiyasi va preventiv tashriflar o‘tkazishning amaliy vositalari haqida aniq tushunchaga ega bo‘lishlari haqida kutilmalar mavjud.
Ushbu tashabbus BMTTDning Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan va Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” qo‘shma loyiha doirasida qo‘llab-quvvatlanmoqda.
BMTTD O‘zbekiston hukumatini hamma uchun tenglik, adolat va qadr-qimmat qadriyatlariga amal qiluvchi inklyuziv jamiyat yaratish yo‘lidagi intilishlarida qo‘llab-quvvatlaydi.