“Oʻzbekistonda bolalar va yoshlar uchun qulay mahalliy boshqaruvni inklyuziv transformatsiyalash” nomli BMTning qoʻshma dasturi ishga tushirildi

10-April, 2025
A conference room filled with people seated around a large table, engaging in discussions.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

TOSHKENT, 2025 yil 10 aprel - Bugun UNICEF, BMT Taraqqiyot Dasturi, “Yuksalish” harakati va Oʻzbekistondagi Shveytsariya elchixonasining vakili boʻlgan Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi birgalikda “Oʻzbekistonda bolalar va yoshlar uchun qulay mahalliy boshqaruvni inklyuziv transformatsiyalash” nomli BMTning qoʻshma dasturi ishga tushirdilar. Hukumat rasmiylari, rivojlanish boʻyicha xalqaro hamkorlar, fuqarolik jamiyati vakillari va yoshlar ushbu tadbirda ishtirok etdilar.

Three professionals seated at a conference table, engaged in discussion, with flags and a screen behind.

UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi
“BMTning ushbu qoʻshma dasturi yanada inklyuziv, adolatli va yoshlarga keng imkoniyatlar taqdim eta oladigan Oʻzbekiston haqidagi umumiy qarashlarimiz mahsulidir. U hukumat, BMT agentliklari, fuqarolik jamiyati va xalqaro hamkorlarning aniq natijaga qaratilgan, shaffof, hisobdor va eng muhimi, bolalar va yoshlar ehtiyojlariga javob bera oladigan mahalliy boshqaruv tizimlarini yaratishga boʻlgan mushtarak intilishlarimizni oʻzida aks ettiradi,”
- dedi UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio.

Dastur 2022-2023-yillarda oltita shaharda muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazilgan “Bolalar va yoshlar uchun doʻstona mahalliy boshqaruv” tashabbusining tajribasiga tayangan holda amalga oshirilmoqda. Mazkur tashabbus qaror qabul qilish hamda ijtimoiy xizmatlarni taqdim etishda yoshlarining ishtiroki ijobiy natijalar berishini namoyon etdi. Xususan, yoʻl harakati xavfsizligi, ekologik tashabbuslar va nogironligi boʻlgan yoshlarga xizmat koʻrsatish yaxshilandi.

Dastur Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlarining 12 ta tumanida turli xil ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarga ega va mahalliy xizmat koʻrsatishni yaxshilashga muhtoj boʻlgan koʻplab zaif guruhlar istiqomat qiladigan mahalliy jamoalar va hududlarga eʼtibor qaratgan holda Shveytsariya hukumatining 2 million АQSh dollari miqdoridagi hissasi bilan amalga oshiriladi.

Three individuals speaking at a conference table, with flags of Switzerland and UNICEF visible.

Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik Аgentligining boshligʻi Аndrin Fink

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi
“Ushbu tashabbus inklyuziv mahalliy boshqaruvni mustahkamlash yoʻlidagi oʻta muhim qadamdir. Shveytsariya yoshlarga keng imkoniyatlar taqdim etish, mahalliy hokimiyat organlarining hisobdorligini oshirish, bolalar va yoshlar uchun teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlashda davom etadi,”
- dedi Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik Аgentligining boshligʻi Аndrin Fink.

Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi, milliy Barqaror rivojlanish maqsadlari, Yoshlar strategiyasi va mamlakatning bolalar huquqlariga sodiq ekanligiga asoslanib, inklyuzivlik va tenglikka eʼtibor qaratgan holda boshqaruvni kuchaytirish hamda ijtimoiy va davlat xizmatlarini koʻrsatishni takomillashtirishga qaratilgan. Ushbu milliy ustuvor maqsadlarga muvofiq ravishda, BMTning qoʻshma dasturi inklyuziv, hisobdor, natijaga yoʻnaltirilgan va hozirjavob mahalliy boshqaruvni ilgari suradi. U bolalar va yoshlarning qarorlar qabul qilish jarayonlarida faol ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlaydi va ularning sifatli mahalliy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

“Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov taʼkidlaganidek:

“Ushbu dastur Oʻzbekistonning islohotlar kun tartibiga mos keladi, xizmat koʻrsatishdagi boʻshliqlarni toʻldirib, bolalar va yoshlar uchun inklyuziv boshqaruvni rivojlantiradi. Oʻylaymizki, bu tashabbus teng imkoniyatlar uchun mustahkam zamin yaratadi.”

Yangi qoʻshma dastur viloyatlar darajasida natijalarga asoslangan boshqaruv va byudjetlashtirish sohasidagi qonunchilik va institutsional bazani takomillashtirishga qaratilgan. Bu mahalliy hokimiyat organlariga resurslarni mahalliy ustuvor maqsadlarga hamda yoshlar va bolalar ehtiyojlariga muvofiq yanada samarali, shaffof va hisobot berish asosida rejalashtirish, taqsimlash va nazorat qilish imkonini beradi. Dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish, ishtirokni rejalashtirish va samaradorlikni monitoring qilish koʻnikmalari va tizimlarini shakllantirish orqali ushbu dastur davlat investitsiyalari bolalar, oʻsmirlar va ularning oilalari uchun yaxshilangan natijalarga aylanishini taʼminlashga yordam beradi. Ushbu saʼy-harakatlar davlat va ijtimoiy xizmatlarni yanada adolatli va samarali boʻlishiga hissa qoʻshib, Oʻzbekistonning keng islohotlar kun tartibini va uzoq muddatli barqaror rivojlanishini qoʻllab-quvvatlaydi.

BMT Taraqqiyot Dasturining Oʼzbekistondagi doimiy vakilasi Аkiko Fujii

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi
“Boshqaruv tuzilmalarini oʻzgartirish boʻyicha boy tajribamizga tayanib, ushbu dastur yoshlar oʻz jamoalarida mazmunli oʻzgarishlarni amalga oshirishga qodir boʻlgan qulay muhitni yaratishiga ishonchimiz komil,”
- dedi BMT Taraqqiyot Dasturining Oʼzbekistondagi doimiy vakilasi Аkiko Fujii.

Dastur yanada inklyuziv va samarali mahalliy boshqaruvni qoʻllab-quvvatlash uchun jahonning ilgʻor tajribalaridan foydalanadi. U mahalliy hokimiyat organlariga natijalarga asoslangan rejalashtirishni tatbiq qilishga, qarorlar qabul qilishda yoshlar ishtirokini kuchaytirishga va davlat xizmatchilarining inklyuziv boshqaruv boʼyicha koʼnikmalarini shakllantirishga yordam beradi.