
© UNDP Uzbekistan
Toshkent, O‘zbekiston | 2025-yil 18-mart – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (UNDP) O‘zbekistonda birinchi marta UNDP Talks tadbirini o‘tkazdi. Bu kambag‘allikni qisqartirish va turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan innovatsion tashabbuslar orqali hayotini o‘zgartira olgan insonlarning haqiqiy muvaffaqiyat hikoyalarini namoyish etishga bag‘ishlangan noyob platforma hisoblanadi.
Tadbir hukumat vakillari, xalqaro hamkorlar, xususiy sektor va ommaviy axborot vositalari vakillarini bir joyga to‘plab, UNDP loyihalari yordamida barqaror biznes yaratgan, hayot uchun zaruriy ko‘mak olgan va o‘z jamoalarini mustahkamlagan insonlarning shaxsiy hikoyalarini tinglash imkoniyatini taqdim etdi.

© UNDP Uzbekistan
“So‘nggi 5 yil ichida xalqaro hamkorlar, xalqaro moliya institutlari va BMT tashkilotlari ko‘magida ilg‘or xorijiy yondashuvlar va mahalliy xususiyatlarni uyg‘unlashtirgan holda maqsadli mahalla tizimi tufayli kambag‘allikni samarali qisqartirishga erishildi”, - dedi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov o‘zining ochilish nutqida.
2025-yilda BMT Taraqqiyot Dasturi o‘zining 60 yilligini nishonlayotgan bir paytda, ushbu muhim sana erishilgan natijalarni xotirlash va harakat qilishga chaqiruvchi daqiqaga aylandi – sinovdan o‘tgan yechimlarni keng miqyosda qo‘llash va samarali mahalliy tashabbuslarni kengaytirish orqali ko‘proq insonlarga yetib borish zarurligi ta’kidlandi.

© UNDP Uzbekistan
“O‘tgan yilning iyun oyidan O‘zbekistonga kelganimdan beri mamlakatning turli hududlariga tashrif buyurish sharafiga muyassar bo‘ldim. Bu yerda men ko‘plab jasur va ilhomlantiruvchi ayollar hamda qizlar bilan uchrashdim – shifokorlar, hamshiralar o‘qituvchilar, fuqarolik jamiyati faollari, fermerlar, hokim o‘rinbosarlari va mahalliy parlament a’zolari - ularning ijobiy o‘zgarishlarga sodiqlik bilan harakat qilmoqda”, - dedi O‘zbekistondagi BMT doimiy koordinatori Sabine Mahl o‘z nutqida.

© UNDP Uzbekistan
“Ishonchim komilki, Taraqqiyot dasturi BMTning O‘zbekistondagi yetakchi agentligi sifatida o‘z faoliyatini jadal davom ettiradi. O‘z navbatida Taraqqiyot dasturi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish tarafdorimiz va barcha masalalar bo‘yicha yaqindan birga ishlashga tayyormiz. Bugungi tadbir yangi yangi g‘oyalar, ilg‘or tajribalar, tashabbuslar va erishilgan yutuqlar to‘g‘risidagi fikr almashishiga ishonchimiz komil,” – deb ta’kidladi Laziz Karaev, Tashqi ishlar vazirligining BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik bo‘limi boshlig‘i.
Tadbirda so‘zga chiqqan BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii xonim taraqqiyotning markazida inson turganini alohida ta’kidladi:

© UNDP Uzbekistan
“Biz bu yerda o‘z ishlarimiz haqida gapirish uchun emas, balki tinglash uchun to‘plandik. Bugun biz matonat, nomus va imkoniyatlar haqidagi hikoyalarni eshitamiz. UNDP shunchaki loyihalarni amalga oshirmaydi, biz jamoalar bilan yelkama-yelka ishlaymiz, uzoq muddatli yechimlar yaratamiz. Biz 60 yillik faoliyatimizni nishonlar ekanmiz, maqsadimiz aniq – ko‘proq ish qilish, yaxshiroq natijalarga erishish va hech kim e’tibordan chetda qolmasligini ta’minlash.”
Ilhomlantiruvchi spikerlar orasida:
Muqaddas – Farg‘ona vodiysidan bo‘lgan tadbirkor ayol, u qiyinchiliklarga qaramay, kichik mosh ishlab chiqarish biznesini muvaffaqiyatli eksport korxonasiga aylantirdi.
Sadoqat – Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan va Toshkent viloyatidagi o‘z qishlog‘idagi sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni birlashtirib, barcha uchun manfaatli barqaror biznes modelini yaratgan kooperativ yetakchisi.
Baxtiyor – Qoraqalpog‘istondagi asalchi, “Bitta qishloq – bitta mahsulot” tashabbusi doirasida noyob Orolbo‘yi asali ishlab chiqarish asoschilaridan biriga aylandi.
Inobat – zo‘ravonlikni boshidan o‘tkazgan bo‘lib, hayotini qayta tiklashga erishgan va bepul huquqiy yordam olib, uy va umid topgan, endilikda esa Samarqandda o‘zining kichik tikuv biznesini yo‘lga qo‘yib yordamga muhtoj ayollarga ish va umid berishga tayyorgarlik ko‘rayotgan ayol.
Ularning hikoyalari faqat shaxsiy muvaffaqiyat emas, balki turli hududlarda takrorlanishi va kengroq natijalarga olib kelishi mumkin bo‘lgan samarali yechimlardir.
UNDP Talks – bu kambag‘allikni qisqartirish, farovonlikni oshirish va inklyuziv taraqqiyot bo‘yicha eng yaxshi tajribalar va tayyor yechimlarni almashish maqsadida tashkil etilgan tadbirlar turkumining birinchisidir.
Tadbir hukumat, donorlar, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtirib, o‘z samaradorligini isbotlagan tashabbuslar ustida hamkorlikni mustahkamlash maydoniga aylandi.
O‘zbekiston barqaror taraqqiyot sari yo‘lida harakatni davom ettirar ekan, BMT Taraqqiyot Dasturi integratsiyalashgan va uzoq muddatli yechimlarga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun:
Matbuot uchun savollar va intervyu bo‘yicha quyidagi shaxs bilan bog‘lanishingiz mumkin: 📩 Shaxnoza Zafariy | shakhnoza.zafari@undp.org 📞 +998 93 554 7895