Fuqarolar uchun budjet
Fuqarolar uchun budjet
8-September, 2020
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 24 avgustdagi 506-son qarori bilan tasdiqlangan 2020 — 2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan birida budjet to‘g‘risidagi ma'lumotlarning shaffofligi, qamrovi hamda xalqaro standartlarga muvofiqligini ta'minlash belgilab olindi.
Mazkur yo‘nalish bo‘yicha budjet to‘g‘risidagi ma'lumotlarning ochiqligi va shaffofligini oshirish yuzasidan chora-tadbirlar qabul qilindi hamda amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 avgustdagi “budjet ma'lumotlarining ochiqligini va budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Moliya vazirligi bilan “O‘zbekistonda barqaror rivojlanishni moliyalashtirish” qo‘shma loyihamiz doirasida “Fuqarolar uchun budjet” axborot nashri chop etib kelinmoqda.
Hozirgi kunda, 6 ta axborot nashri tayyorlanib, “Ochiq budjet” portalida joylashtirildi, shundan so‘nggi nashr 2020 yil uchun tasdiqlangan Davlat budjeti hamda 2019 yilda Davlat budjeti ijrosi bo‘yicha Fuqarolar uchun budjet nashri hisoblanadi. Mavjud amaliyotni hisobga olgan holda o‘quvchilar nashr sahifalarida Davlat budjeti, budjet daromadlarining va xarajatlarining prognoz ko‘rsatkichlari, parametrlari va ijrosi, budjet taqchilligining ko‘rsatkichlari va uning qoplash manbalari, davlat qarzi, budjetlararo munosabatlar va hokazolar to‘g‘risidagi muhim ma'lumotlar bilan tanishib olishlari mumkin bo‘ladi.