Muallif: Rimma Muxtarova

Amaliyotdan IT karyeragacha: Ozodaxon Muminovaning hikoyasi
Raqamli texnologiyalar asrida qizlarning axborot texnologiyalari sohasida teng imkoniyatlarga ega bo‘lishi muhim. Aynan shu maqsadda BMT Taraqqiyot Dasturi O‘zbekistonda Tech4Impact tomonidan amalga oshirilayotgan qizlar uchun Raqamli amaliyot dasturini ishga tushirdi. Ushbu tashabbus qizlarga amaliy tajriba va raqamli ko‘nikmalarni egallashga yordam berib, ularning oldida yangi kasbiy imkoniyatlarni ochadi.
Orzudan haqiqatga: Ozodaxonning IT sohasidagi yo‘li
18 yoshli namanganlik Ozodaxon Muminova doim texnologiyalarga qiziqib kelgan. U doim foydali raqamli mahsulotlar yaratishni orzusi qilgan, biroq bu yo‘lda juda ko‘p to‘siqlar uni cho’chitardi: bilim yetishmovchiligi, tajribaning yo‘qligi va boshlashdan qo‘rquv.
"Men doim IT sohasida ishlashni orzu qilardim, lekin bu borada maxsus ta’lim olmasam, bu yo‘lda muvaffaqiyatga erishishim juda qiyin bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim. Boshqalardan yordamimni ayamayman, ulardan o‘rganaman ham, ammo hech qachon o‘zim mustaqil ravishda nimadir yaratishim mumkinligini tasavvur ham qilolmasdim."
Vaziyatni o‘zgartirish imkoniyati Ozodaxon Raqamli amaliyot dasturi haqida eshitganida paydo bo‘ldi. U ariza topshirdi va 227 nomzod ichidan saralangan 23 qiz qatoridan joy oldi. Endi u yetakchi IT-kompaniyalarda to‘liq amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega.
"Tanlovdan o‘tganimni bilgach, hayajon va motivatsiya to‘lqinini his qildim. O‘zimga ishonchim ortdi!"

Amaliyot va ta’lim: dastur nimalarni o‘rgatdi?
Amaliyot dasturi shunday tashkil etilganki, unda ishtirokchilar nafaqat nazariy bilim olgan, balki haqiqiy loyihalar ustida ishlash imkoniyatiga ham ega bo‘lishgan.
- Vorkshoplar va vebinarlar – vaqtni samarali boshqarish, shaxsiy brend yaratish, suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tish va karyerani rivojlantirish bo‘yicha treninglar.
- Mentorlik – har bir amaliyotchiga IT-kompaniyadan murabbiy biriktirilgan bo‘lib, u yangi ko‘nikmalarni o‘zlashtirish va qiyinchiliklarni yengib o‘tishda yordam bergan.
- Haqiqiy ish tajribasi – amaliyotchilar dasturiy ta’minot ishlab chiqish, ma’lumotlar tahlili, loyihalarni boshqarish kabi sohalarda ishlash tajribasiga ega bo‘lishgan.
Karyeradagi ilk qadam: Click kompaniyasidagi ish tajribasi
Ozodaxon O‘zbekistonning yetakchi to‘lov tizimi bo‘lmish – Click kompaniyasida Mahsulot menejeri (Product Manager) sifatida amaliyotni boshladi. Bu uning uchun katta sinov bo‘lishi bilan birga, o‘sish va rivojlanish uchun ajoyib imkoniyat ham edi.
"Men ajoyib jamoaga tushib qoldim. Ish jarayoni Agile metodologiyasi asosida tashkil etilgan bo‘lib, menga darhol muhim vazifalar ishonib topshirildi!"
Ozodaxonning asosiy vazifalaridan biri Click platformasiga 52 ta yangi merchantni ulash edi.
"Har bir kun men uchun yangilik olib keldi: bozor tahlili, API bilan ishlash, gipotezalarni test qilish, jarayonlarni sozlash. Ba’zan qiyin bo‘lsa ham, mentorlar va hamkasblarimning yordami oldinga harakat qilishimga turtki berdi."
Shuningdek, u mijozlar bilan ishlash va jamoada samarali muloqot qilish usullarini o‘zlashtirdi. Bu esa unga vazifalarni samarali hal etish va yangi g‘oyalar taklif qilish imkonini berdi.

Amaliyot natijalari
227 ta arizadan 23 nafar amaliyotchi va skill-enhancement intensiv kursiga 10 nafar qiz tanlab olindi.
12 ta IT-kompaniya (jumladan, Click va AVO Bank) amaliyotchilarni ish jarayoniga jalb etdi.
14 nafar qiz ish taklifini oldi, ulardan 8 nafari bugungi kunda IT sohasida karyerasini boshladi.
Muvaffaqiyat sari yo‘ldagi sinovlar
Ozodaxon bu yo‘lning silliq kechmaganini tan oladi.
Moslashishdagi qiyinchiliklar – dastlabki haftalar yangi tajribalar, tezkor qaror qabul qilish va doimiy o‘rganish bilan to‘la bo’ldi. Ozodaxon har safar nimanidir uddalay olmasa, uni albatta qo‘llab-quvvatlashdi.
Xato qilish – bu tabiiy holat. Muvaffaqiyatsizlikka yuz tutish ham eng yomoni emas. Chunki agar xatolardan saboq olib, keyinchalik amalda qo‘llay olinsa, bu ko‘nikmaga aylanadi!
Bilim yetishmovchiligi – texnologiyalarni ish jarayonida o‘rganishga to‘g‘ri keldi. Bu esa unga o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga yordam berdi. U har bir loyihani chuqur tahlil qilish, bozordagi mavjud mahsulotlarning o‘ziga xos jihatlarini topish, mijozlarning fikrlarini o‘rganish, ularning ehtiyoj va talablarini tahlil qilish, gipotezalarni sinovdan o‘tkazish va mahsulotni bozorga chiqarishning samaradorligini baholash kabi muhim ko‘nikmalarni egalladi.
Ommaviy chiqishlar – o‘z ustida ishlash sari muhim qadam. Amaliyot davomida Ozodaxon nafaqat texnik bilimlarni o‘zlashtirdi, balki soft skills ko‘nikmalarini ham rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Xususan, u loyihalarni taqdim etish bo‘yicha qimmatli tajriba orttirdi. "DEMO kunlarida yuzdan ortiq tomoshabin oldida chiqish qildik va ustida ishlayotgan loyihalarimiz haqida gapirdik. Menimcha, yirik kompaniyalar bunday tadbirlarni ataylab o‘tkazadi – bu xodimga nafaqat ish jarayonida o‘zini ko‘rsatish, balki auditoriya oldida nutq so‘zlash, fikrlarini aniq va ravon ifodalash imkoniyatini ham beradi. Bu esa analitik va tanqidiy fikrlashni rivojlantirishda juda muhim rol o‘ynaydi."
"Ilgari omma oldida so‘zlashdan qo‘rqardim. Ammo amaliyotdan so‘ng o‘z fikr va g‘oyalarimni ishonch bilan taqdim eta olishni o‘rgandim. Bu esa menga yangi imkoniyatlar eshigini ochdi."

Keyingi maqsad: shaxsiy startapni ishga tushirish
Amaliyotni muvaffaqiyatli yakunlaganidan so‘ng, Ozodaxon Click kompaniyasida Product Manager lavozimiga taklif oldi. Endilikda u yangi merchantlarni integratsiya qilish va kompaniya mahsulotlarini rivojlantirish jarayonida faol ishtirok etmoqda.
Biroq Ozodaxonning muvaffaqiyat yo‘li shu bilan tugamaydi. Kelgusi 3–5 yil ichida u Deep Tech sohasida o‘z startapini ishga tushirishni rejalashtirmoqda.
"Amaliyot menga eng muhimi – o‘z kuchimga bo‘lgan ishonchni berdi. Endi bilaman: orzularimni haqiqatga aylantira olaman!"
Ozodaxondan ITga qiziqqan qizlarga maslahat:
"Agar texnologiyalar sizni qiziqtirsa – hoziroq boshlang! O‘rganing, sinab ko‘ring, fikrdosh insonlar bilan muloqot qiling. Qiyinchiliklardan qo‘rqmang – aynan ular bizni o‘stiradi!"
***
2025-yilda tashabbus yanada kengayadi: ishtirokchilar soni 40 nafarga yetkaziladi va IT-kompaniyalar bilan hamkorlik yanada mustahkamlanadi.