O‘zbekiston BMT Taraqqiyot Dasturi ko‘magida sug‘urta sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlamoqda

19-February, 2025
Group of professionals seated around a large conference table in an office setting.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) mutaxassislari va xodimlaridan iborat delegatsiya o‘quv safari doirasida Shveysariyada bo‘ldi. Tashrif davomida Xalqaro sug‘urta nazoratchilari Uyushmasi (IAIS), shuningdek, sug‘urtalash va qayta sug‘urtalash, risklarni boshqarish bo‘yicha jahonning yetakchi kompaniyalari Swiss Re va EuropeRe vakillari bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazdi.

Xalqaro sug‘urta nazoratchilari Uyushmasi (IAIS) butun dunyodan 200 dan ortiq a’zolarni birlashtirib, global sug‘urta mukofotlarining 97 foizidan ortig‘ini tashkil etadi. O‘zbekistonning mazkur tashkilotga a’zo bo‘lishi milliy sug‘urta bozorini rivojlantirish, uning shaffofligi va raqobatbardoshligini oshirishda strategik muhim qadam bo‘ladi. Shuningdek, u tartibga solish va nazoratni yaxshilash, raqamli texnologiyalarni (InsurTech) rivojlantirish, tahliliy ma’lumotlardan foydalanish va o‘zaro bilim almashish hamda mamlakatning xalqaro ishtirokini mustahkamlash uchun imkoniyatlar yaratadi.

A diverse group of six people sitting around a round table in a bright meeting room.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Uchrashuvlarning asosiy mavzusi

Muzokaralar davomida quyidagi asosiy masalalar muhokama qilindi:

  • IAISning 2025–2029-yillarga strategik rejasi va 2025–2026-yillar uchun yo‘l xaritasi;

  • O‘zbekistonning IAISga a’zo bo‘lish istiqbollari va uning milliy sug‘urta bozoriga ta’siri;

  • Xalqaro sug‘urta standartlari kontekstida ILMAning rivojlanishi;

  • IAISning tuzilishi va faoliyati, shuningdek, a’zolikning mamlakat sug‘urta bozori uchun afzalliklari;

  • Iqlim o‘zgarishi xavfini boshqarish bo‘yicha xalqaro tajriba va ularni moliyalashtirish mexanizmlari;

  • Swiss Re va Europe Re kompaniyalari bilan qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi, risklarni boshqarish va O‘zbekistonda qayta sug‘urta bozorini rivojlantirish sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlari.

"Biz xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va tartibga solish amaliyotlarini takomillashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni davom ettirishdan mamnunmiz. ILMA xalqaro sug‘urta nazoratchilari uyushmasi (IAIS) va uning keng qamrovli a’zolik tarmog‘i bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga tayyor."

– dedi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori o‘rinbosari Orifjon Fayziev.

Group of people posing together in front of colorful flags on display.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

BMT Taraqqiyot Dasturining qo‘llab-quvvatlashi

Xalqaro o‘quv safari Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan BMT Taraqqiyot Dasturining “O‘zbekistonda sug‘urta va risklarni moliyalashtirish mexanizmini takomillashtirish” global loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyihaning asosiy maqsadi O‘zbekiston sug‘urta bozorini rivojlantirishga ko‘maklashish, sug‘urta siyosatini mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish dasturiga integratsiyalash, inklyuziv sug‘urtani kengaytirish, suveren risklar va tabiiy ofatlar xavfini moliyalashtirish, sug‘urta sohasiga investitsiyalarni jalb etishdan iborat.

Bu hamkorlik O‘zbekiston uchun sug‘urta sohasida ilg‘or yechimlarni tatbiq etish va mamlakatning tashqi xavf-xatarlarga nisbatan iqtisodiy barqarorligini oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.